139-modda. Uy-joy fondini boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash shartnomalari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik, Uy-joy kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish hamda “Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida (O‘RQ-77-son) · Sana: 08.01.2007 · Amalda
Uy-joy fondini boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash shartnomalari yozma shaklda tuziladi.
Boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot, bir tomondan, va uy-joy fondi mulkdori yoki shirkat, agar shirkat tashkil etilmagan boʻlsa, koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari, ikkinchi tomondan, uy-joy fondini boshqarish shartnomasining taraflaridir.
Uy-joy fondini boshqarish shartnomasining majburiy shartlari quyidagilardan iborat:
boshqaruv amalga oshiriladigan koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki tarkibi hamda uyning manzili;
koʻp kvartirali uydagi joylar mulqdorlarining umumiy mol-mulkini, shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasi saqlanishini taʼminlash boʻyicha boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilotning majburiyatlari;
boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot xizmatlariga haq toʻlash tartibi va miqdori;
koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlarini topshirish shartlari;
shartnoma boʻyicha majburiyatlarning boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi.
Uy-joy fondini boshqarish shartnomasi shartlari koʻp kvartirali uydagi joylarning barcha mulkdorlari uchun bir xil belgilanadi.
Agar uy-joy fondini boshqarish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlariga har yili uy-joy fondini boshqarish shartnomasining oʻtgan yilgi bajarilishi toʻgʻrisida joriy yilning birinchi choragi ichida hisobot taqdim etadi.
Uy-joy fondining mulkdori yoki u vakolat bergan organ, shirkat, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoxud boshqaruvchi tashkilot uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tegishli xizmat koʻrsatuvchi va taʼmirlovchi tashkilotlar bilan ishlarni bajarishga (xizmatlar koʻrsatishga) doir shartnomalar tuzishga haqlidir”.
