138-modda. Uy-joy fondini boshqarish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik, Uy-joy kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish hamda “Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida (O‘RQ-77-son) · Sana: 08.01.2007 · Amalda
Uy-joy fondini boshqarish uy-joy fondini, muhandislik uskunalarini, shu uylarga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkalarini lozim darajada saqlashni, ularga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlashni hamda fuqarolarning yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi.
Davlat uy-joy fondini boshqarish uy-joy fondining mulkdori bilan boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot oʻrtasida tuziladigan shartnomaga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Xususiy uy-joy fondini boshqarish bevosita turar joylar mulkdorlari, shirkat, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoxud qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha usulda amalga oshirilishi mumkin.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli shu uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Koʻp kvartirali uy turar joylar mulkdorlari tomonidan bevosita boshqarilganda shu uydagi umumiy mol-mulkni saqlash yoki uni taʼmirlash ishlarini bajarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomalari turar joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarorlari asosida tuziladi. Bunda uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda turar joylar mulkdorlari nomidan turar joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan vakil qilingan turar joylar mulkdorlaridan biri yoki bir nechtasi ish koʻrishga haqlidir.
Shirkat tashkil etilgan koʻp kvartirali uyni boshqarish “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shirkat tashkil etilmagan koʻp kvartirali uyni boshqarish boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarori asosida tuziladigan shartnomaga muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Uy-joy fondini boshqarishga doir shartnomalarning namunaviy shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
