29-modda. Sugʻurta faoliyatiga ruxsatnoma berish
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Sugʻurta faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsatnomani Davlat sugʻurta nazorati beradi.
2. Tegishli ruxsatnoma olmagan sugʻurta tashkilotlari sugʻurta va qayta sugʻurta qilish faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega emaslar.
3. Sugʻurtaning muayyan turini amalga oshirish huquqini beradigan ruxsatnomalar:
a) belgilangan hajmdagi ustav fondi mavjudligi haqida bank yoki oʻzga kredit muassasasi bergan maʼlumotnoma;
b) muayyan sugʻurta turining qoidalari yoki shartlari;
v) sugʻurta tarifining hisob-kitobi yoki asos-dalillari asosida beriladi.
4. Sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun sugʻurta tashkilotiga ruxsatnoma berish tartibini Davlat sugʻurta nazorati belgilaydi.
5. Davlat sugʻurta nazorati barcha zarur hujjatlarni olganidan keyin oʻttiz kun mobaynida ruxsatnoma berishi shart. Ruxsatnoma berish rad etilgan taqdirda xuddi shu muddat ichida rad etish sabablari sugʻurta tashkilotiga xabar qilinadi.
