17-modda. Sugʻurta shartnomasini toʻxtatish
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Sugʻurta shartnomasi:
a) amal qilish muddati tugaganda;
b) sugʻurtalovchi shartnoma boʻyicha sugʻurtalanuvchi oldidagi majburiyatlarini bajarib boʻlganda;
v) sugʻurtalanuvchi sugʻurta badallarini shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlamaganda;
g) yuridik shaxs hisoblangan sugʻurtalanuvchi tugatilganda yoki jismoniy shaxs hisoblangan sugʻurtalanuvchi vafot etganda, ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
d) sugʻurtalovchi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilganda;
e) sud sugʻurta shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqida qaror qabul qilganda;
j) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatiladi.
2. Basharti, sugʻurta shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa, sugʻurtalanuvchi yoki sugʻurtalovchining talabi bilan, shuningdek tomonlarning kelishuviga binoan sugʻurta shartnomasi muddatidan ilgari toʻxtatilishi mumkin, shartnomaning toʻxtatilishi uchinchi tomon manfaatlariga daxl etadigan hollar bundan mustasnodir.
3. Basharti, shartnomada oʻzga qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta shartnomasini muddatidan ilgari toʻxtatish niyatini tomonlar bir-biriga sugʻurta shartnomasini toʻxtatish moʻljallanayotgan paytdan kamida oʻttiz kun oldin xabar qilishi shart.
Sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasidan muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda sugʻurtalovchiga toʻlangan sugʻurta mukofoti, agar shartnomada boshqa qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qaytarib berilmaydi. Basharti, sugʻurtalanuvchining bunday talabiga sugʻurtalovchining sugʻurta qoidalarini buzishi sabab boʻlgan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurtalanuvchiga u toʻlagan sugʻurta badallarini toʻliq qaytaradi.
Sugʻurta shartnomasi sugʻurtalovchining talabi bilan muddatidan ilgari toʻxtatilgan taqdirda, sugʻurtalovchi sugʻurtalanuvchiga u toʻlagan sugʻurta badallarini toʻliq qaytaradi, agar sugʻurta shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa. Basharti sugʻurtalovchining bunday talabiga sugʻurtalanuvchining sugʻurta qoidalarini bajarmaganligi sabab boʻlsa, sugʻurtalovchi toʻlangan sugʻurta badallarining shartnoma tugamagan muddatiga tegishli qismini ketgan sarf-xarajatlarni chegirib tashlagan holda sugʻurtalanuvchiga qaytarib beradi.
