18-modda. Sugʻurta shartnomasining haqiqiy emasligi
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Basharti sugʻurta shartnomasi:
a) fuqarolik salohiyatiga ega boʻlmagan yoki salohiyati cheklangan shaxslar bilan, shuningdek yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlmagan tashkilotlar bilan tuzilgan boʻlsa;
b) salohiyatli, lekin shartnoma tuzish paytida oʻz xatti-harakatining mohiyatini tushuna olmaydigan holatdagi shaxs bilan tuzilgan boʻlsa;
v) jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan, roʻyxatga olingan, xatlangan yoki sud hukmi bilan musodara qilinishi zarur boʻlgan mulkka nisbatan tuzilgan boʻlsa;
g) sugʻurtalanuvchi shartnoma tuzish chogʻida atayin noqonuniy yoʻl bilan foyda koʻrishni koʻzlagan hollarda, shuningdek sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin foyda koʻrish maqsadida tuzilgan boʻlsa;
d) shartnomaning yozma shakliga amal qilinmasdan tuzilgan boʻlsa, haqiqiy emas deb topiladi.
2. Yuqorida aytib oʻtilgan hollarda sugʻurta shartnomasi sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
