16-modda. Naf oluvchini, sugʻurtalangan shaxsni, sugʻurta qildiruvchini almashtirish
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Sugʻurta qildiruvchi sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan naf oluvchini sugʻurtalovchiga yozma ravishda maʼlum qilgan holda boshqa shaxs bilan almashtirishga haqlidir. Shaxsiy sugʻurta shartnomasiga binoan, sugʻurtalangan shaxs roziligi bilan tayinlangan naf oluvchi sugʻurtalangan shaxs roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin
Naf oluvchi sugʻurta shartnomasidagi biron-bir majburiyatni bajarganidan yoxud sugʻurtalovchiga sugʻurta tovon pulini yoki sugʻurta summasini toʻlash toʻgʻrisidagi talabni taqdim etganidan keyin, u boshqa shaxs bilan almashtirilishi mumkin emas.
2. Keltirilgan zarar uchun javbgarlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchidan boshqa shaxsning javobgarligi sugʻurtalangan holda, shartnomada boshqa qoida nazarda tutilmaganligi sababli sugʻurta qildiruvchi sugʻurta hodisasi yuz bergunga qadar istalgan paytda bu shaxsni boshqasiga almashtirib, sugʻurtalovchiga buni yozma ravishda maʼlum qilishga haqlidir.
3. Mol-mulkni sugʻurta qilish shartnomasi tuzgan sugʻurta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, sugʻurta qildirgan shaxsning huquq va majburiyatlari ushbu mol-mulkni meros tartibida qabul qilib olgan shaxsga oʻtadi. Mulk huquqi oʻtgan boshqa hollarda sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlari, agar shartnomada yoki qonun hujjatlarida boshqa qoida belgilangan boʻlmasa, sugʻurtalovchining roziligi bilan yangi mulkdorga oʻtadi.
4. Shaxsiy sugʻurta shartnomasini sugʻurtalangan shaxs foydasiga tuzgan sugʻurta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, ushbu shartnomada belgilab qoʻyiladigan huquq va majburiyatlar sugʻurtalangan shaxsning roziligi bilan unga oʻtadi.
Agar sugʻurta shartnomasi amal qilib turgan davrda sugʻurta qildiruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoxud muomala layoqati cheklangan deb topilsa, bunday sugʻurta qildiruvchining huquq va majburiyatlarini uning vasiysi yoki homiysi oladi.
5. Sugʻurta qildiruvchining uchinchi shaxslar oldidagi javobgarligi sugʻurta qilingan hollarda sugʻurta shartnomasi sugʻurta qildiruvchining muomala layoqati tugagan yoki cheklangan paytdan boshlab tugaydi.
6. Yuridik shaxs boʻlgan sugʻurta qildiruvchi sugʻurta shartnomasi davrida qayta tashkil etilgan taqdirda uning ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlari sugʻurtalovchining roziligi bilan tegishli huquqiy vorisga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtadi.
