14-modda. Tomonlarning huquqlari va burchlari
Sugʻurta toʻgʻrisida (833-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Sugʻurta shartnomasi amal qilayotgan davrda sugʻurtalanuvchi:
a) sugʻurta toʻlovlarini belgilangan tartibda toʻlab borishi;
b) sugʻurta obyektining but boʻlishi uchun qoʻlidan kelgan choralarni koʻrishi;
v) sugʻurtalangan mol-mulkda yuz bergan jiddiy oʻzgarishlar, xususan uning shikastlanish yoki yoʻq boʻlish xavfini oshiruvchi, tabiiy ofat xavfidan tashqari, har qanday oʻzgarish haqida sugʻurtalovchiga xabar berishi;
g) sugʻurtalovchini sugʻurta hodisasi yuz berganligi toʻgʻrisida shartlashilgan muddatda va shartnomada koʻrsatilgan usulda xabardor qilishi shart. Agar naf oluvchi oʻzining foydasiga tuzilgan shartnoma boʻyicha sugʻurta tovon pulini olish huquqidan foydalanmoqchi boʻlsa, yuqoridagi majburiyat uning zimmasida ham boʻladi.
2. Sugʻurta shartnomasi amal qilayotgan davrda sugʻurtalanuvchi:
a) agar sugʻurtaning muayyan turi shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddatiga, sugʻurta puli miqdoriga oʻzgartirish kiritilganligini maʼlum qilib qoʻyishga;
b) agar shartnoma shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa, tovon pulini olib sugʻurta shartnomasini muddatidan avval bekor qilishga (tovon pulining miqdori sugʻurtaning ushbu turi shartlari bilan belgilanadi);
v) oʻzi vafot etgan taqdirda sugʻurta pulini oladigan istalgan kishini tayinlab qoʻyishga haqlidir. Ushbu shaxs olgan sugʻurta puli meros qolgan mulk tarkibiga kirmaydi.
3. Qonun yoki sugʻurta shartnomasida nazarda tutilgan sugʻurta hodisasi yuz berganda sugʻurtalovchi shartnomada qayd etilgan shaxsga sugʻurta shartnomasida belgilangan muddatda sugʻurta pulini (sugʻurta tovonini) toʻlashi shart.
4. Sugʻurtalovchi qoplashi lozim boʻlgan zararni kamaytirish maqsadida qilingan xarajatlar, agar bunday xarajatlar zarur boʻlgan boʻlsa yoki sugʻurtalovchining koʻrsatmalarini bajarish uchun qilingan boʻlsa, tegishli choralar muvaffaqiyatsiz boʻlib chiqsa ham, sugʻurtalovchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday xarajatlar boshqa zararlarni qoplash xarajatlari bilan birgalikda sugʻurta pulidan oshib ketishi mumkinligidan qatʼi nazar, sugʻurta summasining sugʻurta qiymatiga nisbatiga mutanosib ravishda qoplanadi.
5. Agar sugʻurta shartnomasiga koʻra tomonlar qoʻllayotgan huquqlar uchinchi tomon manfaatlariga daxl etsa, tomonlarning barcha xatti-harakatlari manfaatdor uchinchi tomon bilan kelishilishi kerak.
