12-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni qayta rasmiylashtirish va bekor qilish
Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida (O‘RQ-53-son) · Sana: 20.09.2006 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
mikrokredit tashkiloti tomonidan mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, shu jumladan litsenziya talablari va shartlari buzilganda;
mikrokredit tashkiloti tomonidan uning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar bajarilmaganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
mikrokredit tashkiloti toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolganda;
mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning, belgilangan iqtisodiy normativlarning talablari muntazam ravishda buzilganda va hisobot maʼlumotlari buzib koʻrsatilganda;
mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish litsenziya berilgan paytdan eʼtiboran olti oydan ortiq kechikkanda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qonunga muvofiq boshqa hollarda ham qabul qilinishi mumkin.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda mikrokredit tashkiloti qayta tuzilgan, uning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan hollarda amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishga yangidan vujudga kelgan mikrokredit tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida litsenziyasi mavjud boʻlgan mikrokredit tashkilotlari qoʻshib yuborilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Litsenziyaning soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlangan taqdirda, litsenziya bekor qilinadi.
Litsenziyaning bekor qilinishi mikrokredit tashkilotining ilgari amalga oshirgan operatsiyalari haqiqiy emas deb topilishiga olib kelmaydi.
