11-modda. Litsenziya berishni rad etish
Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida (O‘RQ-53-son) · Sana: 20.09.2006 · Amalda
Taqdim etilgan hujjatlar qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan va ularda ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki mikrokredit tashkilotiga litsenziya berishni rad etishi mumkin.
Mikrokredit tashkilotiga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror buyurtma beruvchiga rad etish sabablari hamda buyurtma beruvchi mazkur sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi. Bunda litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
Mikrokredit tashkilotiga litsenziya berish uchun taqdim etilgan hujjatlarni takroran koʻrib chiqish ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Mikrokredit tashkilotiga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin berilgan ariza yangidan berilgan deb hisoblanadi.
Mikrokredit tashkilotiga litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza takroran koʻrib chiqilayotganda litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mikrokredit tashkilotiga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
