11-modda. Mahsulot belgisiga doir talabnomani ekspertizadan oʻtkazish
Mahsulot belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari toʻgʻrisida (860-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
1. Talabnomani ekspertizadan oʻtkazish Patent idorasi tomonidan amalga oshiriladi va u dastlabki ekspertiza hamda roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan belgining ekspertizasidan iborat boʻladi.
2. Talabnomani ekspertizadan oʻtkazish davrida bu talabnoma yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar talabnoma beruvchi oʻz tashabbusi bilan talabnomaga oid materiallarni toʻldirish, aniqlashtirish yoki tuzatishga haqlidir.
Basharti, qoʻshimcha materiallar talabnoma mohiyatini oʻzgartirgudek boʻlsa, bunday materiallar qarab chiqish uchun qabul qilinmaydi va talabnoma beruvchi tomonidan mustaqil talabnoma sifatida rasmiylashtirilishi mumkin.
3. Ekspertiza oʻtkazish davrida qoʻshimcha materiallarsiz ekspertiza oʻtkazish mumkin boʻlmasa, Patent idorasi talabnoma beruvchidan bunday materiallarni soʻrash huquqiga egadir.
Ekspertizaning qoʻshimcha materiallarga doir soʻrovi olingan kundan keyingi ikki oy mobaynida ular taqdim etilmogʻi lozim. Talabnoma beruvchining iltimosiga binoan mazkur muddat, basharti uni uzaytirish xususidagi iltimos bu muddat tugashiga qadar tushgan boʻlsa, uzaytirilishi mumkin. Agar talabnoma beruvchi ushbu muddatni buzsa yoki ekspertiza soʻrovini javobsiz qoldirsa, talabnoma qaytarib olingan hisoblanadi.
4. Talabnoma uni qarab chiqishning istalgan bosqichida, ammo mahsulot belgisini roʻyxatga olish vaqtigacha talabnoma beruvchining iltimosiga binoan qaytarib olinishi mumkin.
5. Patent idorasi tomonidan qarab chiqish uchun qabul qilingan talabnomalar talabnoma beruvchilarga qaytarilmaydi.
