10-modda. Mahsulot belgisining ustuvorligi
Mahsulot belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari toʻgʻrisida (860-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
1. Mahsulot belgisining ustuvorligi (prioriteti) talabnoma ushbu Qonunning 8 va 9-moddalariga muvofiq tarzda rasmiylashtirilib, Patent idorasiga kelib tushgan kunga qarab belgilanadi.
2. Mahsulot belgisining ustuvorligi birinchi talabnoma sanoat mulkini muhofaza qilish Xalqaro ittifoqining qatnashchisi boʻlmish davlatga berilgan vaqtga qarab, basharti Patent idorasiga talabnoma ana shu vaqtdan keyin olti oy mobaynida tushgan boʻlsa (konvensiya ustuvorligi), belgilanishi mumkin.
3. Sanoat mulkini muhofaza qilish Xalqaro ittifoqining qatnashchisi boʻlmish davlatlardan birining hududida tashkil etilgan rasmiy yoki rasmiy deb tan olingan xalqaro koʻrgazmalarning eksponatlariga qoʻyilgan mahsulot belgisining ustuvorligi eksponat koʻrgazmada ochiq namoyish etila boshlangan (koʻrgazma ustuvorligi) vaqtga qarab, basharti Patent idorasiga mahsulot belgisiga doir talabnoma ana shu vaqtdan keyin olti oy mobaynida tushgan boʻlsa, belgilanishi mumkin.
4. Konvensiya yoki koʻrgazma ustuvorligi huquqidan foydalanish istagida boʻlgan talabnoma beruvchi bu haqda mahsulot belgisiga doir talabnoma berayotganida yoki Patent idorasiga talabnoma tushganidan keyingi ikki oy mobaynida albatta maʼlum qilishi hamda qoʻyilgan talablar haqqoniy ekanligini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni ilova qilishi, yoxud bunday hujjatlarni Patent idorasiga talabnoma tushgan vaqtdan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay taqdim etishi lozim.
5. Mahsulot belgisining ustuvorligi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq mahsulot belgisi xalqaro roʻyxatga olingan vaqtga qarab belgilanishi mumkin.
