“34-modda. Shaharlar va posyolkalarda yer uchastkalarini berish va olib qoʻyish tartibi
“Yer toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (859-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Shaharlar va posyolkalarda yer uchastkalari hokimiyat shahar idoralari hamda posyolka oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari qarorlariga asosan beriladi. Bu qarorlarda rejalashtirish va qurilish olib borishning tasdiqlangan loyihalariga muvofiq yerlarni egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga berish shartlari belgilanadi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hokimiyat shahar idoralari hamda posyolka oʻzini oʻzi boshqaruv idoralarining qaroriga muvofiq oʻzlariga biriktirib qoʻyilgan yerlardan vaqtincha foydalanish uchun boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yer uchastkalari berishlari mumkin.
Shaharlarda va posyolkalarda yer uchastkalari hokimiyat shahar idoralari hamda posyolka oʻzini oʻzi boshqaruv idoralarining qarori asosida olib qoʻyiladi.
Shaharlarda, posyolkalarda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonlari, muassasalari va tashkilotlarining qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanayotgan yerlari va boshqa yerlarning olib qoʻyilishi ushbu Qonunning 14-moddasida belgilangan tartibda tegishli posyolka oʻzini oʻzi boshqaruv idoralarining, hokimiyatning tuman, shahar va viloyat idoralarining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Fuqarolar egaligidagi, mevali daraxtlar va butalar bilan band boʻlgan yer uchastkalarini olib qoʻyish yoki fuqarolarga qarashli shaxsiy mulk huquqidagi uy-joylarni buzish bilan bogʻliq holda yer uchastkalarini olib qoʻyish ularga boshqa obod turar joy binosi berilganidan yoki ularning xohishiga koʻra teng qiymatli yer uchastkasi berilgan va yangi uy qurib yoki eski uy koʻchirib berilganidan soʻng, shuningdek koʻrilgan zarar qiymati toʻla hajmda qoplanganidan keyin hokimiyat shahar va viloyat idoralarining qarori asosida amalga oshiriladi.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yerlar yer egalari hamda yerdan foydalanuvchilar qilgan xarajatlar toʻlanmay va koʻrgan zarar qiymati qoplanmasdan sud tartibida olib qoʻyiladi”.
23. 36-modda:
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Umum foydalanishdagi yerlardan hokimiyatning shahar idoralari yoki posyolkalarning oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari qaroriga muvofiq yengil imorat va inshootlar (savdo rastalari, doʻkonchalar, reklama inshootlari va shu kabilar) qurishda vaqtincha foydalanish uchun ijara shartlarida korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolarga yer uchastkalari berilishi mumkin”.
