“62-modda. Yer xususidagi nizolarni hal etuvchi idoralar
“Yer toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (859-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar oʻrtasidagi yer xususidagi nizolar hokimiyat idoralari tomonidan ushbu Qonunda belgilangan vakolatlarga muvofiq, sud yoki xoʻjalik sudlari tomonidan qonunlarda belgilangan tartibda hal qilinadi.
Yerga oid munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan mulkiy nizolar sud yoki xoʻjalik sudlari tomonidan ularning vakolatlariga muvofiq hal qilinadi.
Qishloqlar yoki posyolkalar hududida yerga egalik qilish va yerdan foydalanish masalalarida fuqarolar oʻrtasida chiqqan nizolar tegishli oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari tomonidan hal qilinadi.
Shahar hududida yerga egalik qilish va yerdan foydalanish masalalarida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan fuqarolar oʻrtasida chiqqan nizolar, shuningdek fuqarolararo nizolar hokimiyatning shahar idoralari tomonidan hal qilinadi.
Yerga egalik qilish va yerdan foydalanish masalalarida mahalliy boʻysunuvdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻrtasida, shuningdek mazkur korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan fuqarolar oʻrtasida chiqqan nizolar hokimiyatning tuman idoralari tomonidan hal qilinadi.
Tomonlarning biri respublikaga boʻysunuvchi korxona, muassasa va tashkilot boʻlgan hollardagi nizolar hamda bir viloyatning turli tumanlariga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻrtasida chiqqan nizolar hokimiyatning viloyat idoralari tomonidan hal qilinadi.
Turli viloyatlarga yoki viloyatlardan biri va Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻrtasida yer toʻgʻrisida chiqqan nizolarni hal qilish Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining boshqa davlat hududidagi yerga egalik qilish va undan foydalanish masalalariga oid nizolar, shuningdek boshqa davlatlarning korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi yerga egalik qilish hamda undan foydalanish masalalariga oid nizolar Oʻzbekiston Respublikasi va manfaatdor davlat vakillaridan tenglik asosida tuziladigan komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
Shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi manzilgohlarida umumiy yer uchastkasidan foydalanish tartibi xususida yakka tartibda qurilgan imoratlarga birga egalik qiluvchilar oʻrtasida chiqqan nizolar sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi.
