13-modda. Isteʼmolchining huquq va majburiyatlari
Isteʼmol krediti toʻgʻrisida (O‘RQ-33-son) · Sana: 06.05.2006 · Amalda
Isteʼmolchi quyidagi huquqlarga ega:
isteʼmol krediti berish qoidalari bilan tanishib chiqish;
oʻz huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida, shu jumladan isteʼmol krediti berish bilan bogʻliq barcha xarajatlar haqida ishonchli hamda toʻliq axborot olish;
shartnoma shartlarining shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarilishini talab qilish;
tegishli darajada sifatli boʻlmagan sotib olingan tovarning (ishning, xizmatning) almashtirilishini talab qilish yoki uni sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa shunga oʻxshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati boʻlmaganida shartnomani bekor qilish;
isteʼmol krediti beruvchi tashkilotdan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilish.
Isteʼmolchi:
isteʼmol krediti olish uchun zarur hujjatlarni taqdim etishi;
bank yoki boshqa kredit tashkilotidan olingan moliyaviy isteʼmol kreditidan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalanishi;
tovar (ish, xizmat) haqini shartnomaga muvofiq oʻz vaqtida toʻlashi;
olingan moliyaviy isteʼmol kreditini qaytarishni va mazkur kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlashni shartnomada belgilangan tartibda hamda muddatlarda amalga oshirishi shart.
Isteʼmolchi qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
