14-modda. Isteʼmol krediti beruvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari
Isteʼmol krediti toʻgʻrisida (O‘RQ-33-son) · Sana: 06.05.2006 · Amalda
Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
isteʼmolchiga isteʼmol krediti berish yoki isteʼmol krediti berishni asoslantirilgan holda rad etish;
isteʼmol krediti berish va shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni isteʼmolchidan soʻrab olish;
toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, berilgan isteʼmol krediti summasi muddatidan ilgari qaytarib berilishini va mazkur kredit boʻyicha hisoblangan foizlar toʻlanishini talab qilish.
Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot:
isteʼmolchining huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida, shu jumladan isteʼmol krediti berish bilan bogʻliq barcha xarajatlar haqida isteʼmolchiga ishonchli hamda toʻliq axborotni maʼlum qilishi;
moliyaviy isteʼmol kreditini yoki tovarni (ishni, xizmatni) shartnomada belgilangan tartibda va muddatda berishi;
isteʼmol krediti berish qoidalarini hamma tanishib chiqishi uchun qulay boʻlgan joyga joylashtirishi;
tovar isteʼmol krediti berilganda, tovarni (ishni, xizmatni) sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa shunga oʻxshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirishi, bunda narxlarda farq boʻlgan taqdirda, isteʼmolchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshirishi;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki tegishli darajada bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning oʻrnini isteʼmolchiga qoplashi shart.
Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
