12-modda. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish
Isteʼmol krediti toʻgʻrisida (O‘RQ-33-son) · Sana: 06.05.2006 · Amalda
Shartnoma shartlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi mumkin.
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovar (ish, xizmat) sotib olingan va uni sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa shunga oʻxshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, shartnoma tovar isteʼmol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida yozma ravishda xabardor etilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida isteʼmolchi tomonidan bekor qilinishi mumkin. Shartnoma bekor qilingan taqdirda, tovar isteʼmol krediti bergan tashkilot sotib olingan tovar (ish, xizmat) uchun toʻlangan pul summasini isteʼmolchiga qaytarib beradi.
Isteʼmolchi foydalanilmagan moliyaviy isteʼmol kreditidan voz kechish haqida moliyaviy isteʼmol krediti bergan tashkilotni shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran ikki hafta ichida yozma ravishda xabardor etish orqali mazkur kreditdan voz kechishga haqli.
Isteʼmolchi shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida isteʼmol kreditidan foydalanmagan taqdirda, isteʼmol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida isteʼmolchini yozma ravishda xabardor etish orqali shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli.
Yozma xabar topshirilgan yoki pochta orqali joʻnatilgan sana mazkur yozma xabar yuborilgan sana hisoblanadi.
