37-modda. Oʻzaro bogʻliq boʻlgan shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Agar shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarning oʻziga xos xususiyatlari ushbu shaxslar tuzadigan bitimlarning shartlariga va (yoki) natijalariga va (yoki) ushbu shaxslar faoliyatining iqtisodiy natijalariga yoki oʻzlarini vakil qilgan shaxslarning faoliyatiga taʼsir koʻrsatsa, ushbu qismda koʻrsatilgan shaxslar soliq solish maqsadlarida oʻzaro bogʻliq boʻlgan shaxslar deb eʼtirof etiladi.
Shaxslarning oʻzaro bogʻliqligini eʼtirof etish uchun bir shaxsning boshqa shaxslar kapitalida ular oʻrtasida tuzilgan bitimga muvofiq ishtirok etishi tufayli yoxud bir shaxsning boshqa shaxslar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilashda boshqacha imkoniyati mavjud boʻlganda koʻrsatilishi mumkin boʻlgan taʼsir inobatga olinadi. Bunday taʼsir, u bitta shaxs tomonidan bevosita va mustaqil ravishda yoki shaxsning ushbu moddaga muvofiq oʻzaro bogʻliq deb eʼtirof etiladigan oʻzaro bogʻliq shaxslari bilan birgalikda koʻrsatilishi mumkinligidan yoki mumkin emasligidan qatʼi nazar, inobatga olinadi.
Ushbu Kodeksning maqsadlarida mazkur moddaning birinchi va ikkinchi qismlari inobatga olingan holda quyidagilar oʻzaro bogʻliq shaxslar deb eʼtirof etiladi:
1) yuridik shaxslar, agar bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsda bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etsa va bunday ishtirokning ulushi 20 foizdan ortiqni tashkil etsa;
2) jismoniy shaxs va yuridik shaxs, agar jismoniy shaxs ushbu yuridik shaxsda bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etsa hamda bunday ishtirokning ulushi 20 foizdan ortiqni tashkil etsa;
3) yuridik shaxslar, agar ayni bir shaxs bevosita va (yoki) bilvosita ushbu yuridik shaxslarda ishtirok etsa va har bir yuridik shaxsdagi bunday ishtirokning ulushi 20 foizdan ortiqni tashkil etsa;
4) yuridik shaxs va ushbu yuridik shaxsning yakka tartibdagi ijro etuvchi organi tayinloviga (sayloviga) koʻra yoki ushbu yuridik shaxsning kollegial ijro etuvchi organi yoki direktorlar kengashi (kuzatuv kengashi) tarkibi kamida 50 foizining tayinloviga (sayloviga) koʻra vakolatlarga ega boʻlgan shaxs (shu jumladan jismoniy shaxs). Jismoniy shaxs bilan bogʻliq holda, uning vakolatlarini belgilash chogʻida jismoniy shaxsning ushbu qismning 11-bandida koʻrsatilgan oʻzaro bogʻliq shaxslari bilan birgalikdagi vakolatlari ham inobatga olinadi;
5) kollegial ijro etuvchi organ yoki direktorlar kengashi (kuzatuv kengashi) tarkibining kamida 50 foizi ayni bir shaxsning (shu jumladan jismoniy shaxsning) qaroriga koʻra tayinlangan yoki saylangan yuridik shaxslar. Jismoniy shaxs bilan bogʻliq holda esa, ushbu shaxsning qarorlarini belgilash chogʻida uning ushbu qismning 11-bandida koʻrsatilgan oʻzaro bogʻliq shaxslari bilan birgalikda qabul qilingan qarorlari ham inobatga olinadi;
