5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining sertifikatlashtirish organlari
Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida (1006-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Amalda
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (bundan buyon matnda “Oʻzstandart” agentligi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining milliy sertifikatlashtirish organidir.
“Oʻzstandart” agentligi mazkur Qonunga muvofiq:
sertifikatlashtirish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi, sertifikatlashtirish oʻtkazish yuzasidan umumiy qoidalarni belgilaydi, ular toʻgʻrisida rasmiy axborotlar eʼlon qilib boradi;
sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish dasturlarining loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni Hukumat muhokamasiga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlariga qoʻshilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, shuningdek sertifikatlashtirish natijalarini oʻzaro eʼtirof etish toʻgʻrisida bitimlar tuzadi, sertifikatlashtirish masalalari boʻyicha boshqa davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarda va xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradi;
majburiy ravishda sertifikatlanadigan mahsulotlarning roʻyxatini belgilaydi va uni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdigʻiga kiritadi;
sertifikatlashtirilgan mahsulotlarning, attestatsiyadan oʻtkazilgan sifat boʻyicha ekspert-auditorlarning davlat reyestrlarini yuritadi;
majburiy sertifikatlashtirish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari buzilganligi uchun muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik belgilarining amal qilishini toʻxtatib turadi hamda ularni bekor qiladi.
“Oʻzstandart” agentligining sertifikatlashtirish sohasidagi faoliyatini moliyaviy taʼminlash manbai — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻi, shuningdek “Oʻzstandart” agentligi koʻrsatayotgan xizmat uchun olinadigan haqdan iborat.
Mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditatsiya qilingan organlar:
mahsulotlarni sertifikatlashtirish tizimlarini tuzadilar va ularning amal qilishini taʼminlaydilar;
sertifikatlashtirishni tashkil etadilar va oʻtkazadilar;
milliy muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtiradilar, beradilar yoki chet el muvofiqlik sertifikatlarini eʼtirof etadilar;
sertifikatlangan mahsulotlar ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
