9-modda. Davlat inspektorlari, ularning huquqlari va javobgarligi
Standartlashtirish toʻgʻrisida (1002-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Amalda
Standartlarning majburiy talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradigan davlat inspektorlari davlat boshqaruv organlarining vakillari hisoblanadilar.
Davlat inspektori:
xoʻjalik faoliyati subyektining xizmat va ishlab chiqarish binolariga belgilangan tartibda kirish;
xoʻjalik faoliyati subyektidan davlat nazoratini oʻtkazish uchun kerakli hujjatlar va maʼlumotlarni olish;
davlat nazoratini oʻtkazishda xoʻjalik faoliyati subyektining texnika vositalaridan foydalanish va mutaxassislarni jalb etish;
standartlashtirish boʻyicha amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq standartlarning majburiy talablariga muvofiqligini tekshirish uchun mahsulotlarning namunalari hamda nusxalarini tanlab olishni oʻtkazish, bunda ishlatib yuborilgan nusxalarning qiymati va sinovlarni (tahlillarni, oʻlchovlarni) oʻtkazish xarajatlari tekshirilayotgan xoʻjalik faoliyati subyektlarining ishlab chiqarish chiqimlariga kiritiladi;
mahsulotni yaratish, ishlab chiqarishga tayyorlash, tayyorlash, realizatsiya qilish (yetkazib berish, sotish), undan foydalanish (uni ishlatish), mahsulotni saqlash, tashish va chiqindini foydali suratda ishlatish bosqichlarida, standartlar majburiy talablarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
xoʻjalik faoliyati subyekti tekshiruvdan boʻyin tovlagan taqdirda mahsulotni realizatsiya qilishni man etish huquqiga ega.
Standartlarni tekshirish va nazorat qilish hamda oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori, standartlarni tekshirish va nazorat qilish hamda oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat inspektorlari bundan tashqari:
standartlarni buzganlikda aybdor boʻlgan xoʻjalik faoliyati subyektlarining mansabdor shaxslariga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan maʼmuriy jazo chorasini qoʻllashda;
tekshirilgan mahsulot standartlarning majburiy talablariga nomuvofiq boʻlgan hollarda uni ishlab chiqarishni taqiqlash yoki realizatsiya qilishni (yetkazib berishni, sotishni), undan foydalanishni (uni ishlatishni) toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishda;
standartlarning majburiy talablariga nomuvofiq boʻlgan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan import mahsulotni realizatsiya qilishni taqiqlashda mutlaq huquqqa egadir.
