3-modda. Standartlashtirish ishlarini oʻtkazish
Standartlashtirish toʻgʻrisida (1002-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Amalda
“Oʻzstandart” agentligi ushbu Qonunga muvofiq standartlashtirish ishlarini oʻtkazishning umumiy qoidalarini, manfaatdor tomonlarning davlat boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari bilan olib boradigan hamkorlikdagi ishining shakl va usullarini belgilaydi.
“Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi standartlashtirish ishlarini bajarishni oʻz vakolatlari doirasida boshqa tashkilotlarga topshirishga haqlidir.
Standartlarni tasdiqlagan organlar standartlarga doir tarmoq axborot jamgʻarmalarini hosil qiladilar va yuritadilar hamda manfaatdor isteʼmolchilarni xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar, Oʻzbekiston Respublikasi standartlari, xorijiy mamlakatlarning milliy standartlariga doir axborotlar bilan, shuningdek standartlashtirish sohasidagi xalqaro shartnomalar, texnik-iqtisodiy hamda ijtimoiy axborot davlat klassifikatorlari, standartlashtirish qoidalari, normalari va tavsiyalariga oid axborotlar bilan taʼminlaydilar.
Standartlarni nashr qilish va qayta nashr etishni ularni tasdiqlagan organlar amalga oshiradilar.
