1-modda. Standartlashtirishning asosiy maqsadlari
Standartlashtirish toʻgʻrisida (1002-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Amalda
Standartlashtirishning asosiy maqsadlari:
mahsulotlar, jarayonlar, ishlar va xizmatlarning (bundan buyon matnda “mahsulot” deb yuritiladi) aholining hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga, atrof muhit uchun xavfsizligi, resurslarni tejash masalalarida isteʼmolchilar va davlat manfaatlarini himoya qilishdan;
mahsulotlarning oʻzaro almashinuvchanligini va bir-biriga mos kelishini taʼminlashdan;
fan va texnika taraqqiyoti darajasiga, shuningdek aholining hamda xalq xoʻjaligining ehtiyojlariga muvofiq holda mahsulot sifatini hamda raqobat qila olish imkonini oshirishdan;
barcha turdagi resurslar tejalishiga koʻmaklashishdan, ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini yaxshilashdan;
ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy dasturlar va loyihalarni amalga oshirishdan;
tabiiy va texnogen falokatlar hamda boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavf-xatarini hisobga olgan holda xalq xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini taʼminlashdan;
isteʼmolchilarni ishlab chiqarilayotgan mahsulot nomenklaturasi hamda sifati toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot bilan taʼminlashdan;
mudofaa qobiliyatini va safarbarlik tayyorligini taʼminlashdan;
oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashdan iboratdir.
