6-modda. Mehnat qilish huquqiga davlat kafolatlari
Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida (510-XII-son) · Sana: 13.01.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Davlat aholining ish bilan toʻla va samarali taʼminlanishiga koʻmaklashishga, mehnat qilish huquqini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratib berishga masʼul boʻlib:
mashgʻulot va ish turini erkin tanlashni;
ishga qabul qilishdan asossiz bosh tortish va ishdan asossiz boʻshatishdan muhofaza qilishni;
kasb oʻrganish hamda ishli boʻlishda, mashgʻulot va mehnat sharoitlarida, ish haqi va daromadlar olishda, xizmatda yuqoriga koʻtarilishda barcha mehnatkashlar uchun teng imkoniyatlar taʼminlashni;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar buyurtmalariga binoan tayyorlangan — davlat oʻquv yurtlarini bitirgan yosh mutaxassislarga kamida3 yilga egallagan kasbiga (mutaxassisligiga) yarasha ish berilishini;
qonunlar bilan belgilangan tartibda bepul umumiy taʼlim va kasb tayyorgarligini hamda qayta tayyorlashni;
taʼlim sistemasi va ish bilan taʼminlash davlat xizmatlarining ixtisoslashtirilgan markazlarida yoki boshqa oʻquv yurtlarida stipendiya toʻlagan holda yangi kasb-korga bepul oʻrgatishni, malaka oshirishni;
boshqa joyga ishga yuborish munosabati bilan moddiy xarajatlarni qoplashni;
odamlarning yoshi va oʻzga xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarida ishtirok etish uchun muddatli mehnat shartnomalarini tuzish imkoniyatini kafolatlaydi.
2. Davlat idoralari ishchi kuchiga talab va taklif, ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, kasbga yoʻnaltirish va ijtimoiy mehnat qobiliyatini tiklash imkoniyatlari toʻgʻrisida statistika maʼlumotlari va axborotlar eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
