21-modda. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalarning ish bilan taʼminlashga doir davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etishi
Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida (510-XII-son) · Sana: 13.01.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirayotgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar mulkchilik va xoʻjalik yuritishning shakllaridan qatʼi nazar, ish bilan taʼminlashga doir davlat siyosatini:
Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunlariga muvofiq mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi shartnomalar (bitimlar) shartlarini bajarish;
ishchilarga kasb tayyorgarligi, qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga moliyaviy ajratmalar oʻtkazish;
xalq deputatlari mahalliy Sovetlari belgilagan miqdordagi shaxslarni ishga joylashtirish;
boʻsh ish joylari (vakant lavozimlar) borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyda ishdan boʻshatish mumkinligi haqidagi axborotni ishdan boʻshatish asoslarini, ishdan boʻshatish daxl qilishi mumkin boʻlgan fuqarolar soni va toifasini va ishdan boʻshatish qaysi muddatda amalga oshirilishini koʻrsatib oldindan (kamida 3 oy oldin) taqdim etish yoʻli bilan amalga oshirishga koʻmaklashadilar
Boʻsh ish joylari (vakant lavozimlar) haqidagi axborotni oʻz vaqtida taqdim etmagan va bunday joylar (lavozimlar)ning mavjudligini yashirishda aybdor boʻlgan va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga pul ajratishdan boʻyin tovlayotgan mansabdor shaxslarga ish bilan taʼminlash davlat xizmati tomonidan maʼmuriy tartibda uch oylik mansab maoshigacha boʻlgan miqdorda jarima solinadi.
Mahalliy hokimiyat idoralari xodimlarni ommaviy boʻshatish toʻgʻrisidagi qarorni olti oy muddatga toʻxtatib qoʻyishlari mumkin, bunda ular korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning ana shu kechiktirish tufayli koʻrgan zararlarni qisman yoki batamom qoplaydilar.
2. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun ixtisoslashtirilgan ish joylari barpo etishlari shart. Ushbu talab bajarilmagan taqdirda har bir barpo etilmagan ish joyi uchun ishga joylashtirish davlat xizmati tomonidan korxona, muassasa va tashkilotlardan ulardagi xodimning yillik oʻrtacha ish haqi miqdorida jarima undiriladi. Oʻzlari avval buyurtma bergan oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlarini bitirganlarni, shuningdek qayta tayyorgarlik qoʻrish uchun yuborilganlarni ishga qabul qilishdan bosh tortganliklari uchun ham korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan xuddi shuncha miqdorda jarima undiriladi. Undirilgan mablagʻlar ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasini toʻldirishga oʻtkaziladi.
