13-modda.
Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida (846-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan (uy roʻyxatidan oʻtgan) Oʻzbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar xususiylashtirish subyektlari hisoblanadilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari, idoralari, korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslari, boshqa davlatlarning yuridik shaxslari oʻz xodimlari va pensionerlarini uy-joy bilan taʼminlash uchun uy-joy fondi egasidan uy-joy sotib olishlari mumkin.
3. Davlat uy-joy fondi tarkibidagi uylarda ijara shartnomasi asosida turar joyni egallab turgan fuqarolar birgalikda yashab turgan barcha balogʻat yoshidagi oila aʼzolari va turar joy maydonida haqi boʻlgan boshqa shaxslarning roziligi bilan shu turar joyni ushbu Qonunda koʻzda tutilgan shartlarda oʻz mulki qilib, shu jumladan birgalikda yoki ulushbay asosida egalik qilish uchun sotib olishga haqlidirlar.
4. Xususiylashtirilgan turar joy egasining oila aʼzolari hamda turar joy maydoniga haqli boʻlib, uni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar shu turar joy maydonidan foydalanish huquqini saqlab qoladilar, xususiylashtirilgan uy-joyni sotish yoki ijaraga berish ularning roziligi bilan amalga oshiriladi.
