23-modda. Yer kadastriga doir axborot
Davlat yer kadastri toʻgʻrisida (666-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Amalda
Yer kadastriga doir axborotlar yerni roʻyxatga olish, yerni hisobga olish va yer bahosiga oid axborotlar majmuini tashkil etadi hamda davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishi uchun moʻljallangan boʻladi.
Yer kadastriga doir axborotni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yerlardan foydalanish, ularni tiklash va muhofaza qilish, yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) va ularni olib qoʻyish, yer uchun toʻlanadigan haq miqdorini belgilash, yer tuzish ishlarini bajarish, xoʻjalik faoliyatiga baho berish hamda yerdan foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni amalga oshirish chogʻida davlat yer kadastri maʼlumotlaridan foydalanilishi shart.
Yer kadastriga doir axborot davlat hokimiyati organlariga va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga tekinga taqdim etiladi, yuridik va jismoniy shaxslarga esa haq evaziga beriladi.
Yer kadastriga doir axborotdan foydalanuvchilar bunday axborotni qonunchilikda nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda yoki shartnoma asosida olishga haqlidirlar.
Yuridik va jismoniy shaxslar yer kadastriga doir axborot maʼlumotlari qayta koʻrib chiqilishini talab qilishga haqlidirlar.
Davlat sirini saqlash maqsadida qonunchilikda yer kadastriga doir axborotlar olishni cheklaydigan yoki taqiqlaydigan hollar nazarda tutilishi mumkin.
