10-modda. Davlat yer kadastrini yuritish
Davlat yer kadastri toʻgʻrisida (666-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Amalda
Davlat yer kadastrini yuritish aerokosmik suratga olishni, topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproq, agrokimyo, geobotanika tadqiqotlarini va boshqa tadqiqotlarni hamda izlanishlarni oʻtkazish, yerlarni miqdor va sifat jihatidan hisobga olish hamda baholash, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali taʼminlanadi.
Davlat yer kadastrini yuritish Kadastr agentligining organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat yer kadastrini yuritish quyidagi yoʻl bilan amalga oshiriladi:
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni va yer uchastkalariga doir bitimlarni davlat roʻyxatiga olish;
kadastrga oid suratga olish;
yer uchastkalarining egalaridan, ulardan foydalanuvchilardan, ijarachilardan va yer uchastkalarining mulkdorlaridan maʼlumotlar olish, ularning toʻgʻriligini tekshirish, yer kadastriga doir hujjatlarga joriy oʻzgartishlar kiritish.
Davlat yer kadastrini yuritishda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:
tuproqshunoslik, agroximiya, geobotanikaga oid va boshqa izlanishlar hamda tadqiqotlar;
yerlarni miqdor va sifat jihatdan hisobga olish hamda baholash.
