70-modda. Kreditorlar talablarining miqdorini belgilash
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlarning birinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun qarzdorga nisbatan kuzatuv joriy etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot rasmiy nashrda eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida kreditorlar oʻz talablarini qarzdorga taqdim etishga haqli. Kreditorlarning talablari kreditorlar tomonidan sud hujjatini yoki shu talablarning asosliligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni ilova qilgan holda iqtisodiy sudga, qarzdorga va muvaqqat boshqaruvchiga yuboriladi.
Kreditorlarning aniqlangan deb topish uchun asosga ega boʻlgan talablariga qarzdor oʻz eʼtirozlarini iqtisodiy sudga quyidagi hollarda yuborishga haqli:
kreditorlar tomonidan talabni aniqlangan deb topish uchun asos tariqasida taqdim etilgan sud hujjatini bekor qiluvchi yoki oʻzgartiruvchi, xuddi shuningdek uning amal qilishini toʻxtatib turuvchi yoxud ijrosi usulini va tartibini oʻzgartiruvchi qonuniy kuchga kirgan sud hujjati boʻlsa;
kreditor tomonidan talablarni aniqlangan deb topish uchun asos tariqasida taqdim etilgan hujjatni bekor qiluvchi yoki oʻzgartiruvchi (qarzni tan olish, notariusning ijro xati va boshqalar), xuddi shuningdek uning amal qilishini toʻxtatib turuvchi hujjat boʻlsa;
kreditor tomonidan talabni aniqlangan talablar jumlasiga kiritish dalili tariqasida taqdim etilgan hujjat boʻyicha qarzni uzish muddatlarini, tartibini va shartlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida qarzdor va kreditor oʻrtasida bitim tuzilgan boʻlsa;
qarzdor qarzni toʻliq yoki qisman uzgan boʻlsa;
talab bildirilgan majburiyatdagi shaxsning oʻzgarganligiga dalillar boʻlsa.
Muvaqqat boshqaruvchi kreditorlarning ushbu Qonunga muvofiq aniqlangan deb topiladigan talablariga oʻz eʼtirozlarini, agar kreditorning talablarini aniqlanganlar jumlasiga kiritish dalili tariqasida oʻz qarzining qarzdor tomonidan tan olinganligidan dalolat beruvchi hujjat taqdim etilgan boʻlsa va muvaqqat boshqaruvchida qarzdorning qarzni tan olish boʻyicha harakatlari boshqa kreditorlarning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzadi va (yoki) asossizdir deb hisoblash uchun yetarli asoslar boʻlsa, iqtisodiy sudga yuborishga haqli.
Qarzdorning, muvaqqat boshqaruvchining kreditorlar talablariga eʼtirozlari tegishli talablar olingan paytdan eʼtiboran bir haftalik muddat ichida iqtisodiy sudga taqdim etilishi mumkin. Kreditorlarning talablari, agar ular ustidan eʼtirozlar tushgan boʻlsa, iqtisodiy sud majlisida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish natijalari asosida mazkur talablarni kreditorlarning talablari reyestriga kiritish yoki bunday reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisida iqtisodiy sud ajrim chiqaradi. Kreditorning qarzdor yoki muvaqqat boshqaruvchi tomonidan koʻrsatilgan muddatda eʼtirozlar taqdim etilmagan talabi kreditorlarning talablari reyestriga kreditor tomonidan bildirilgan miqdorda kiritiladi.
