69-modda. Qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil etish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil etish qarzdorga tegishli mol-mulk sud xarajatlarini, sud boshqaruvchilariga haq toʻlash xarajatlarini qoplash uchun yetarliligini, shuningdek qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash mumkinligi yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
Muvaqqat boshqaruvchi qarzdorning moliyaviy ahvolini, shu jumladan qarzdorning mol-mulki boʻlsa, shu mol-mulkni inventarizatsiya qilish natijalarini moliyaviy tahlil qilish, mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni tahlil qilish asosida qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash mumkinligi yoki mumkin emasligi toʻgʻrisidagi takliflarni, bankrotlikning keyingi taomillarini joriy etish maqsadga muvofiqligi asoslarini tayyorlaydi.
Agar qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil qilish natijasida qarzdorga tegishli mol-mulk sud xarajatlarini qoplash uchun yetarli emasligi aniqlansa, kreditorlar faqat sud xarajatlarini qoplash manbalari aniqlangan taqdirda tashqi boshqaruvni joriy etish haqida iqtisodiy sudga iltimosnoma bilan murojaat etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
