39-modda. Kreditorning arizasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorning qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasi iqtisodiy sudga yozma shaklda beriladi. Kreditor yuridik shaxsning arizasi uning rahbari yoki vakili tomonidan, kreditor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning arizasi esa shu jismoniy shaxsning oʻzi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Kreditorning qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi;
arizachining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning pochta manzili;
qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning pochta manzili;
qarzdorning kreditor oldidagi talab kelib chiqishiga sabab boʻlgan pul majburiyati miqdori, shuningdek uni bajarish muddati;
kreditor talablarining asosliligini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan sudning qonuniy kuchga kirgan qarori, mazkur talablar qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar, notariusning ijro xati;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Kreditorning qarzdorni bankrot deb topish haqidagi arizasida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni toʻgʻri hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar, shuningdek kreditorda iltimosnomalar boʻlsa, ular ham koʻrsatilishi mumkin.
Kreditor qarzdorga oʻz arizasidan nusxa yuborishi shart.
