38-modda. Qarzdorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdorning oʻzini bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari qarz borligini, shuningdek kreditorlarning talabini qarzdor toʻla hajmda qondirishga qodir emasligini, qarzdorning arizasiga asos boʻlgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Qarzdorning oʻzini bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga quyidagilar ham ilova qilinadi:
qarzdor yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari, shuningdek yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
qarzdorning kreditorlari va debitorlari roʻyxati, uning kreditorlik va debitorlik qarzini izohlagan hamda kreditorlari va qarzdorlarining pochta manzillarini koʻrsatgan holda;
soʻnggi hisobot kunidagi holatga koʻra buxgalteriya balansi yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatlar;
qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning mol-mulki tarkibi va qiymati toʻgʻrisidagi hujjatlar;
qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining qarzdor oʻzini bankrot deb topish toʻgʻrisida ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat qilishi haqidagi qarori;
agar qarzdorni bankrot deb topish haqidagi ariza berilgunga qadar qarzdor xodimlari yigʻilishi oʻtkazilib, unda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda ishtirok etish uchun qarzdorning xodimlari vakili saylangan boʻlsa, ana shu yigʻilish bayonnomasi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlarning asl nusxasi yoki talab darajasida tasdiqlangan nusxalari ilova qilinadi.
