26-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari vakolatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari:
toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmay qolgan, zarar keltirib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni aniqlash maqsadida ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning moliyaviy ahvoliga oid maʼlumotlar elektron bazasini shakllantirishni amalga oshiradi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi oldida pul majburiyatlari boʻyicha qarzi bor korxonalarning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining koʻrsatmasiga binoan iqtisodiy sudga murojaat etadi;
tegishli hududda joylashgan, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish qanday borayotganligi, shuningdek bunday korxonalarning bankrotligi taomillari jarayoni ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tegishli hududdagi korxonalarning bankrotligi jarayonlari monitoringini yuritadi;
sud boshqaruvchilari faoliyati ustidan qonunchilikka muvofiq nazoratni amalga oshiradi, sud boshqaruvchisini belgilangan tartibda vazifasini bajarishdan ozod qilish zarurligi haqida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga iltimosnoma bilan murojaat etadi;
bankrotlikning soddalashtirilgan taomillari amalga oshirilayotganda, shuningdek ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarni tugatishga doir ish yuritish amalga oshirilayotganda iqtisodiy sud muhokamasiga sud boshqaruvchiligiga nomzodlar taqdim etish huquqiga ega;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning rahbarlari yoki boshqa mansabdor shaxslariga mazkur korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyati haqidagi materiallar taqdim etilmaganligi yoki oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi uchun jarima soladi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
