25-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining vakolatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi:
toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmay qolgan, zarar keltirib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni aniqlash maqsadida ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning moliyaviy ahvoli monitoringini yuritadi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi oldida pul majburiyatlari boʻyicha qarzi bor korxonalarning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etadi;
sud boshqaruvchilari attestatsiyasini oʻtkazadi hamda sud boshqaruvchilarining yagona reyestrini yuritadi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarni sudgacha sanatsiya qilish, ularning sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruvi rejalarini kelishib oladi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish qanday borayotganligi, shuningdek bunday korxonalarning bankrotligi taomillari jarayoni ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sud boshqaruvchilari faoliyati ustidan qonunchilikka muvofiq nazoratni amalga oshiradi, sud boshqaruvchisining faoliyatida qonunchilik muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlangan taqdirda uni vazifasini bajarishdan ozod qilish haqida iqtisodiy sudga ariza bilan murojaat etadi;
moliyaviy ahvoli monitoringi yuritilayotgan korxonalarning rahbarlari yoki boshqa mansabdor shaxslariga mazkur korxonalar moliya-xoʻjalik faoliyati haqidagi materiallar taqdim etilmaganligi yoki oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi uchun jarima soladi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi haqidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
