190-modda. Bankrotlikka olib kelgan gʻayriqonuniy harakatlar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Bankrotlikka olib kelgan gʻayriqonuniy harakatlar deyilganda qarzdorga yoki kreditorlarga zarar yetkazgan mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egasining yoxud kreditorlar yoki boshqa shaxslarning qasddan qilgan harakatlari bilan bogʻliq qoidabuzarliklar tushuniladi.
Gʻayriqonuniy harakatlarga quyidagilar ham kiradi:
qarzdor mol-mulkining yoki majburiyatlarining hammasini yoxud bir qismini yashirish;
qarzdorning xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq hisobga olishga oid har qanday hujjatini yashirish, yoʻq qilish, buzib koʻrsatish, soxtalashtirish;
mol-mulkni (shu jumladan pul mablagʻlarini) yashirish maqsadida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berib yuborish;
buxgalteriya hujjatlariga zarur yozuvlarni kiritmaslik;
qarzdorning kreditga olingan va haqi toʻlanmagan mol-mulkining hammasini yoki bir qismini sotish, yoʻq qilish, garov sifatida qoʻyish;
mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mol-mulki egasining shaxsiy manfaatlarini yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlarini koʻzlab qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligini oshirish;
aylanma mablagʻlarni qaytarmay boshqa maqsadlarga ishlatish;
kreditorlarga zarar yetkazish maqsadini koʻzlagan holda qasddan bankrotlikka olib kelish;
kreditorning talablarini boshqa kreditorlarning zarar koʻrishi hisobiga afzalroq qondirish, shunday qondirishga rozilik berish;
qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha majburiyatini bajarishdan qochish maqsadida qasddan oʻzini oʻzi tugatishi.
