189-modda. Hozir boʻlmagan qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud hozir boʻlmagan qarzdorni bankrot deb topish haqidagi arizani oʻz ish yurituviga qabul qilib olgan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddat ichida qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Hozir boʻlmagan qarzdorning bankrotligida kuzatuv, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillari qoʻllanilmaydi.
Iqtisodiy sudning qarori bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga yuboriladi, bu organ mazkur qarorni olgan kundan eʼtiboran bir haftalik muddat ichida iqtisodiy sudga tugatish boshqaruvchiligiga nomzod taqdim etadi. Iqtisodiy sud tugatish boshqaruvchisini bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi xodimlari orasidan tayinlashi mumkin.
Tugatish boshqaruvchisi oʻzi aniqlagan barcha kreditorlarni hozir boʻlmagan qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi, ular bu xabarni olgan kundan eʼtiboran bir oylik muddat ichida tugatish boshqaruvchisiga oʻz talablarini taqdim etishlari mumkin.
Tugatish boshqaruvchisi hozir boʻlmagan qarzdorning mol-mulkini aniqlagan taqdirda iqtisodiy sud mazkur boshqaruvchining iltimosnomasiga binoan bankrotlikning soddalashtirilgan taomilini bekor qilish hamda bankrotlikning ushbu Qonunda nazarda tutilgan umumiy taomillariga oʻtish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi mumkin.
