180-modda. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topishning oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan paytdan eʼtiboran:
qarzdorning pul majburiyatlarini bajarish muddati boshlangan deb hisoblanadi;
qarzdorning barcha majburiyatlari boʻyicha neustoyka (jarima, penya), foizlar hisoblash va boshqa iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar bekor qilinadi;
qarzdordan barcha ijro hujjatlari boʻyicha undiruvlar bekor qilinadi, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi talablar boʻyicha, shuningdek hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talablar boʻyicha ijro hujjatlari bundan mustasno.
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarorni iqtisodiy sud barcha maʼlum kreditorlarga ular oʻz talablarini taqdim etadigan muddatni koʻrsatgan holda yuboradi, bu muddat ikki oydan oshmasligi kerak. Iqtisodiy sudning ana shunday qarorini yuborish qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs hisobidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiy sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan paytdan eʼtiboran mazkur tadbirkorning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi oʻz kuchini yoʻqotadi, shuningdek faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun mazkur tadbirkorga berilgan litsenziyalarning amal qilishi tugatiladi.
Iqtisodiy sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini ayni shu shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olgan organga va litsenziyalovchi organga yuboradi.
Ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish chogʻida qoʻllanilmaydi.
