179-modda. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish bilan bir paytda uning mol-mulkini xatlaydi, qonunchilikka muvofiq undiruvni qaratish mumkin boʻlmagan mol-mulk bundan mustasno. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning pul majburiyatlari bajarilishi xususida uchinchi shaxslar tomonidan asosli kafillik berilgan yoki kafolatlangan boshqa taʼminot taqdim etilgan taqdirda iqtisodiy sud mazkur qarzdorning iltimosnomasiga binoan uning mol-mulkini (mol-mulkining bir qismini) xatlovdan chiqarishi mumkin.
Iqtisodiy sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs kreditorlar bilan hisob-kitob qilishi yoki kelishuv bitimiga erishilishi uchun bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishni qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning arizasiga binoan uzogʻi bilan bir oy muddatga kechiktirishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor fuqaroga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsga nisbatan meros ochilganligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlgan taqdirda, iqtisodiy sud yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning bankrotligi toʻgʻrisidagi ish yuritishni meros taqdiri toʻgʻrisidagi masala qonunda belgilangan tartibda hal qilingunga qadar toʻxtatib turishga haqli.
Agar qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan muddatda kreditorlarning talablari qondirilganligini koʻrsatuvchi dalil-isbotlarni taqdim etmagan va belgilangan muddatda kelishuv bitimini tuzmagan boʻlsa, iqtisodiy sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
