18-modda. Sud boshqaruvchilari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Oliy maʼlumotga hamda kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan, shuningdek bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organida attestatsiyadan oʻtgan shaxslar sud boshqaruvchilari etib tayinlanishi mumkin.
Sud boshqaruvchilari etib quyidagilar tayinlanishi mumkin emas:
qarzdor yoki kreditorlarga nisbatan manfaatdor shaxslar;
sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslar, agar ularga nisbatan bankrotlik taomili joriy etilgan boʻlsa;
ilgari sud boshqaruvchisi vazifasini bajarayotgan paytda qarzdorga, kreditorlarga zarar yetkazgan va bu zararning oʻrnini qoplamagan shaxslar;
boshqa shaxslarning ishlarini va (yoki) mol-mulkini boshqarish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishiga cheklov belgilangan shaxslar (bunday faoliyat bilan shugʻullanishdan mahrum etilgan yoki bunday faoliyatga noloyiq deb topilgan shaxslar).
Iqtisodiy sud ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan asoslarga binoan, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslar taqdim etgan dalillar boʻlgan taqdirda, sud boshqaruvchiligiga tavsiya etilgan nomzodni bu vazifaga tayinlashni rad etishga yoki sud boshqaruvchisini oʻz vazifasini bajarishdan ozod etishga haqli.
Sud boshqaruvchisi iqtisodiy sud tomonidan vazifaga tayinlangan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarga zarar yetkazilishi hodisasi uchun oʻz javobgarligini qonunchilikda belgilanadigan tartibda sugʻurtalamogʻi kerak.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan talablar bankrotlikning soddalashtirilgan taomilini amalga oshirayotgan sud boshqaruvchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kreditorlar yigʻilishi sud boshqaruvchisidan qarzdorning mol-mulkini sugʻurta qilish shartnomasini tuzishni talab qilishga haqli.
