17-modda. Manfaatdor shaxslar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdor yuridik shaxsga nisbatan quyidagilar manfaatdor shaxslar deb eʼtirof etiladi:
qonunchilikka muvofiq qarzdorga nisbatan bosh yoki tobe hisoblanuvchi yuridik shaxs;
qarzdorning rahbari, shuningdek kuzatuv kengashi, kollegial ijroiya organi tarkibiga kiruvchi shaxslar, bosh buxgalter (buxgalter), shu jumladan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilmasidan oldingi bir yil davomida bekor qilingan hollarda ham;
yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari).
Ushbu Qonunda qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsga nisbatan manfaatdor shaxs deyilganda uning xotini (eri), ota-onasi, buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari hamda bolalari, nevaralari, chevaralari, evaralari, aka-uka va opa-singillarining bolalari, nevaralari, chevaralari, evaralari, xotinining (erining) ota-onasi, aka-ukalari va opa-singillari tushuniladi.
Sud boshqaruvchilariga, kreditorlarga nisbatan manfaatdor shaxslar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq belgilanadi.
