139-modda. Tugatish boshqaruvchisining faoliyatini nazorat qilish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tugatish boshqaruvchisi har oyda kamida bir marta kreditorlar yigʻilishiga yoki kreditorlar qoʻmitasiga oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot, qarzdorning moliyaviy ahvoli hamda tugatishga doir ish yuritish boshlangan paytdagi va ish yuritish jarayonidagi mol-mulki toʻgʻrisida axborot, shuningdek, boshqa axborot taqdim etadi.
Tugatish boshqaruvchisi hisobotida quyidagilar boʻlishi kerak:
shakllantirilgan tugatish massasi toʻgʻrisidagi, shu jumladan qarzdorning mol-mulkini inventarizatsiya qilish jarayoni va yakunlari toʻgʻrisidagi, qarzdorning mol-mulkini baholash jarayoni va natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning yagona hisobvaragʻiga tushgan pul mablagʻlarining summasi, mazkur tushumlarning manbai toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilish jarayoni haqidagi maʼlumotlar, mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan summalar koʻrsatilgan holda;
uchinchi shaxslarga nisbatan qarzni undirish haqida tugatish boshqaruvchisi tomonidan qoʻyilgan talablar, shu jumladan sud tartibida qoʻyilgan talablar miqdori va summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash, shuningdek qarzdorning uchinchi shaxslar egaligida turgan mol-mulkini aniqlash va talab qilib olish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning bitimlarini haqiqiy emas deb topish, shuningdek qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortilishini bildirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning kreditorlarning talablari reyestrini yuritishga oid ishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, kreditorlarning reyestrga kiritilgan talablarining umumiy miqdorini va har bir navbat boʻyicha talablari miqdorini alohida-alohida koʻrsatgan holda;
qarzdorning tugatishga doir ish yuritish davrida oʻz faoliyatini davom ettirayotgan xodimlari hamda qarzdor bilan tuzilgan mehnat shartnomalari tugatishga doir ish yuritish davrida bekor qilingan xodimlarining soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarzdorning hisobvaraqlarini yopish boʻyicha tugatish boshqaruvchisi amalga oshirgan ishlar va ularning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tugatishga doir ish yuritishni oʻtkazish xarajatlarining summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning maqsadini koʻrsatgan holda.
