138-modda. Kreditorlar bilan hisob-kitoblar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tugatish boshqaruvchisi kreditorlar bilan kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq hisob-kitob qiladi.
Pul mablagʻlarini kreditorning hisobvaragʻiga oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa, unga tegishli summa qarzdor joylashgan erdagi (yashash joyidagi) notarius yoki sud depozitiga tugatish boshqaruvchisi tomonidan oʻtkazilib, bu haqda kreditorga xabar qilinadi. Mazkur summa notarius yoki sud depozitiga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida kreditor tomonidan olinmasa, bu summa tegishincha notarius yoki sud tomonidan davlat budjetiga oʻtkaziladi.
Tugatishga doir ish yuritishni boshlashning eʼlon qilingan maʼlumotda belgilangan kreditorlar talablarini taqdim etish muddati tugaganidan keyin kreditorlar tomonidan bildirilgan talablar, shuningdek tugatishga doir ish yuritish boshlanganidan keyin yuzaga kelgan majburiy toʻlovlar boʻyicha talablar, ular qaysi muddatda taqdim etilganidan qatʼi nazar, qarzdorning belgilangan muddatda bildirilgan kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulklaridan qondiriladi. Bunday talablarni qarzdorning kreditorlarning belgilangan muddatda bildirilgan talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulkidan qondirish navbati ushbu Qonunning 134-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Qondirilgan talablar, shuningdek voz kechish haqi toʻgʻrisida bitimga erishilgan talablar yoki tugatish boshqaruvchisi tomonidan hisobga olinishi bildirilgan yoxud majburiyatlarni tugatishning boshqa asoslari boʻlgan talablar kreditorlarning qanoatlantirilgan talablari deb hisoblanadi. Talabni hisobga olish, shuningdek voz kechish haqi orqali talabni qanoatlantirishga faqat bildirilgan talablarni qondirishning navbati va nisbati prinsipiga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Voz kechish haqi toʻgʻrisida bitim imzolash yoʻli bilan kreditorlar talablarini qanoatlantirishga mazkur bitim kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi bilan kelishilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Tugatishga doir ish yuritishda qarzdorning majburiyatlarini yangilash toʻgʻrisida bitim tuzish yoʻli bilan kreditorlar talablarini qanoatlantirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kreditorlarning qarzdor mol-mulki yetarli boʻlmaganligi sababli qondirilmagan talablari ham qanoatlantirilgan talablar deb hisoblanadi. Tugatish boshqaruvchisi tomonidan kreditorlarning tan olinmagan talablari ham, agar kreditor iqtisodiy sudga murojaat etmagan boʻlsa yoki bunday talablar iqtisodiy sud tomonidan asossiz deb topilgan boʻlsa, qanoatlantirilgan talablar deb hisoblanadi.
