135-modda. Qarzdorning mol-mulkini sotish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin tugatish boshqaruvchisi, ushbu mol-mulkni ochiq kimoshdi savdosida sotishga kirishadi.
Qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari (jadvali) kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan maʼqullangan boʻlishi kerak.
Agar tugatish boshqaruvchisi qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi oʻz takliflarini kreditorlarga taqdim etgan paytdan eʼtiboran bir oy ichida qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari (jadvali) kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan maʼqullanmagan boʻlsa, kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi yoxud tugatish boshqaruvchisi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni hal qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli. Mazkur kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish yakunlariga qarab iqtisodiy sud yo mol-mulkni sotish tartibi va muddatlarini (jadvalini) tasdiqlaydi, yoki tugatish boshqaruvchisini vazifasini bajarishdan ozod qiladi.
Tugatishga doir ish yuritish jarayonida mol-mulkni sotish muddatlariga (jadvaliga) oʻzgartishlar kiritishni talab etuvchi holatlar yuzaga kelsa, tugatish boshqaruvchisi mazkur holatlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran bir oylik muhlat ichida muddatlarni (jadvalni) oʻzgartirish yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqishi va kreditorlar yigʻilishiga yoki kreditorlar qoʻmitasiga taqdim etishi shart.
Qarzdorning muomala qobiliyati cheklangan mol-mulki faqat yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Yopiq kimoshdi savdosida qonunga muvofiq mazkur mol-mulkka mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida ega boʻla oladigan shaxslar ishtirok etadilar.
Tugatish boshqaruvchisi kimoshdi savdosining tashkilotchisi sifatida ish koʻrishi yoki kimoshdi savdosini oʻtkazishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga shartnoma asosida topshirishi mumkin. Kimoshdi savdosini oʻtkazuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorga va tugatish boshqaruvchisiga nisbatan manfaatdor shaxs boʻlishi mumkin emas.
Qarzdorning korxonasini (biznesini) yoki mol-mulkining bir qismini sotish ushbu Qonunning 110 va 111-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Qonunchilikda ayrim qarzdor korxonani (biznesni) yoki uning mol-mulki bir qismini banklarga sotishning yoki oʻtkazishning boshqacha tartibi nazarda tutilishi mumkin.
