134-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish navbati
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Navbatdan tashqari — sud xarajatlari, sud boshqaruvchilariga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar, joriy kommunal toʻlovlar va foydalanish toʻlovlari, qarzdorning mol-mulkini sugʻurta qilish xarajatlari qoplanadi, shuningdek qarzdorning bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganidan keyin yuzaga kelgan majburiyatlar boʻyicha talablar hamda qarzdor qaysi fuqaroning hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻlsa, shu fuqaroning talablari qondiriladi.
Birinchi navbatda — ish haqi toʻlash uchun pul mablagʻlari berilishini nazarda tutuvchi toʻlov (ijro) hujjatlari boʻyicha, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul mablagʻlarini oʻtkazishni yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha, mualliflik shartnomalari yuzasidan haq toʻlash boʻyicha, qarzdorning mehnatga oid munosabatlardan va ularga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi toʻlovlar hamda talablar boʻyicha majburiyatlari teng darajada bajarilishini taʼminlaydigan talablar, shuningdek fuqarolarning jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida oʻz mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga doir talablari qondiriladi.
Ikkinchi navbatda majburiy toʻlovlar boʻyicha, majburiy sugʻurta boʻyicha, banklarning kreditlari va bank kreditlari sugʻurtasi boʻyicha talablar, shuningdek kreditorlarning qarzdor mol-mulki bilan taʼminlangan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa yetarli boʻlmaganligi tufayli qoplanmay qolgan qarzdorlikka taalluqli qismi borasidagi talablari hamda kreditorlarning qarzdor mol-mulki bilan taʼminlanmagan talablari qanoatlantiriladi.
Uchinchi navbatda — aksiyalar egalarining hisoblangan dividendlar boʻyicha talablari qondiriladi.
Toʻrtinchi navbatda — qolgan barcha talablar qondiriladi.
Har qaysi keyingi navbat boʻyicha talablar oldingi navbat talablari toʻla qanoatlantirilganidan keyin qondiriladi.
Undirib olinayotgan summa bir navbatning barcha talablarini toʻla qondirish uchun yetarli boʻlmasa, bu talablar har bir undiruvchi olishi lozim boʻlgan summaga mutanosib ravishda qondiriladi.
Oxirgi toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisida rasmiy nashrda maxsus xabar eʼlon qilinadi.
