111-modda. Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin tashqi boshqaruvchi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkning bir qismini ochiq kimoshdi savdosida sotishni boshlashga haqli.
Qarzdor mol-mulkining bir qismi sotilishi qarzdorning oʻz xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishini imkonsiz qilib qoʻymasligi kerak.
Qarzdorning muomala qobiliyati cheklangan mol-mulki qonunga muvofiq mazkur mol-mulkka mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida ega boʻla oladigan shaxslar ishtirokida yopiq kimoshdi savdosi oʻtkazish orqali realizatsiya qilinadi.
Kimoshdi savdosiga qoʻyiladigan mol-mulkning bir qismini sotishda boshlangʻich narx, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdorning mol-mulkini baholovchi tashkilot oʻtkazgan baholash hisobga olingan holda, kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi qarori bilan belgilanadi.
Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish boʻyicha kimoshdi savdosi ushbu Qonunning 110-moddasida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladi.
Tashqi boshqaruvchi qarzdor mol-mulkining bir qismini kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, xaridor oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli.
Tashqi boshqaruv jarayonida tashqi boshqaruvchi qarzdorning arzonbaho va tez ishdan chiqadigan mol-mulkini, shuningdek xomashyo va tayyor mahsuloti qoldiqlarini kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, kimoshdi savdosi oʻtkazmagan holda oldi-sotdi shartnomalari asosida sotishga haqli.
Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotishdan tushgan summa tugatish massasini tashkil etadi hamda ushbu Qonunning 133, 134 va 169-moddalarida nazarda tutilgan navbat tartibida taqsimlanishi kerak.
