110-modda. Qarzdorning korxonasini (biznesini) sotish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlarning talablarini qondirish maqsadida tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning korxonasini (biznesini) mulkiy majmua sifatida sotish nazarda tutilishi mumkin.
Korxona (biznes) sotilayotganida qarzdorning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga moʻljallangan barcha turdagi mol-mulki, shu jumladan yer uchastkalari, binolari, inshootlari, uskunalari, inventari, xomashyosi, mahsuloti, talab qilish huquqlari, shuningdek qarzdorning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalari (firma nomi, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari), uning tovarlari, ishlari va xizmatlari, qarzdorga tegishli boʻlgan boshqa mutlaq huquqlar oʻzga shaxslarga oʻtkaziladi, boshqa shaxslarga topshirilishi mumkin boʻlmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.
Korxona (biznes) sotilayotganida qarzdorning mol-mulkini baholash baholovchi tashkilot tomonidan oʻtkaziladi, uning xizmatiga qarzdorning mol-mulki hisobidan haq toʻlanadi. Baholovchi tashkilot kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Tashqi boshqaruvchi korxonani (biznesni) kreditorlar yigʻilishining roziligi bilan, xaridor oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli.
Korxona (biznes) sotilayotganida korxona (biznes) sotilayotgan paytda amal qilib turgan barcha mehnat shartnomalari oʻz kuchini saqlab qoladi, ish beruvchining huquq va majburiyatlari esa korxonani (biznesni) sotib oluvchi ixtiyoriga oʻtadi.
Korxonani (biznesni) sotish, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, ochiq kimoshdi savdosi oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Kimoshdi savdosini oʻtkazish shakli va shartlari kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Agar korxona (biznes) tarkibida muomala qobiliyati cheklangan mol-mulk boʻlsa, korxonani (biznesni) sotish qonunga muvofiq mazkur mol-mulkka mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida ega boʻla oladigan shaxslar ishtirokida yopiq kimoshdi savdosi oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Kimoshdi savdosiga qoʻyiladigan korxonani (biznesni) sotishda boshlangʻich narx, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonaning mol-mulkini baholovchi tashkilot oʻtkazgan baholash hisobga olingan holda, kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi qarori bilan belgilanadi.
