103-modda. Qarzdor tuzgan bitimlarning haqiqiy emasligi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdor tuzgan bitim, shu jumladan uning tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar tuzgan bitimi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan iqtisodiy sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdor bilan manfaatdor shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitimning bajarilishi natijasida kreditorlarga zarar yetkazilgan boʻlsa yoki zarar yetkazilishi mumkin boʻlsa, tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan iqtisodiy sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza qabul qilinganidan keyin qarzdor bilan muayyan kreditor yoki oʻzga shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim, agar mazkur bitim qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha ayrim kreditorlarning talablari boshqa kreditorlarning talablariga nisbatan afzalroq qondirilishiga olib kelsa, tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan iqtisodiy sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilganidan keyin yoki bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza berilishidan oldingi yigirma toʻrt oy ichida qarzdor yuridik shaxs tomonidan tuzilgan, qarzdorning ishtirokchisi qarzdorning ishtirokchilari tarkibidan chiqqanligi munosabati bilan unga mol-mulkdagi ulushini toʻlash (ajratib berish) bilan bogʻliq boʻlgan bitim tashqi boshqaruvchining yoki kreditorning arizasiga binoan iqtisodiy sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin, shunday bitim boʻyicha olingan barcha mol-mulk (pul mablagʻlari) esa qarzdorga qaytariladi. Bunday holda ishtirokchi ushbu Qonunning 134-moddasiga muvofiq toʻrtinchi navbatdagi kreditor deb eʼtirof etiladi
