102-modda. Qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sudning tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimi qarzdor bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar tuzgan shartnomalarni bajarishni toʻxtatish yoki ularni bajarishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi.
Tashqi boshqaruvchi qarzdor bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar tuzgan shartnomalarni bajarishni faqat barcha taraflar tomonidan toʻliq yoki qisman bajarilmagan shartnomalarga nisbatan, quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda rad etishga haqli:
qarzdorning shartnomasini bajarish muqoyasa qilsa boʻladigan holatlarda tuziladigan ayni shunday shartnomalarga qiyoslanganda qarzdor uchun zarar keltiradigan boʻlsa;
shartnoma uzoq muddatli (bir yildan ortiq muddatga tuzilgan) yoki faqat uzoq istiqbolda qarzdor uchun ijobiy natijalar olishga moʻljallangan boʻlsa.
Qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortish faqat barcha taraflar tomonidan toʻliq yoki qisman bajarilmagan shartnomalarga nisbatan, qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashga monelik qiluvchi boshqa holatlar boʻlgan taqdirda ham bildirilishi mumkin.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda shartnoma barcha taraflar tomonidan shunday shartnoma yuzasidan tashqi boshqaruvchining shartnomani bajarishdan bosh tortishi toʻgʻrisidagi arizasi olingan paytdan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Shartnomani tuzgan taraflardan biri, agar unga nisbatan qarzdor rad qilishni bildirgan boʻlsa, qarzdordan shartnomani bajarishdan bosh tortganlik oqibatida kelib chiqqan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
