7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi tasarrufiga quyidagilar kiradi, chunonchi:
oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
suv resurslaridan foydalanishni tartibga solish va ularni muhofaza qilish sohasida qonuniylik hamda huquq-tartibotni taʼminlash;
suv isteʼmolchilarining qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlarini ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda tasdiqlash;
suv obyektlari holatini hisobga olib borish va ularga baho berish, suvlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishi, belgilangan suv olish limitlariga rioya etilishi, suvdan foydalanuvchilarning suvdan foydalanish hisobini yuritishlari ustidan nazorat qilib borish;
suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha aniq yoʻnaltirilgan roʻyxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda, shuningdek ularning amalga oshirilishini nazorat qilishda koʻmaklashish;
suv isteʼmolchilari uyushmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini taʼmirlash hamda tiklash, tomorqa yerlariga suv yetkazib berish tadbirlarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
suv obyektlarini saqlash va ularning holatini yaxshilash, suvlarning zararli taʼsir koʻrsatishini, shuningdek bulgʻanishini oldini olish va uni bartaraf etish hamda avariyalar, toshqin, sel va tabiiy ofatlar natijasida vayron boʻlgan obyektlarni tiklash yuzasidan tadbirlar oʻtkazish;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa masalalarni tartibga solish.
