6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi tasarrufiga quyidagilar kiradi, chunonchi:
suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli taʼsirining oldini olish hamda ularni bartaraf etish sohasida vazirliklar, idoralar, boshqa yuridik shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
suv fondini hosil qilish va undan foydalanish tartibini, suvdan foydalanish, suv isteʼmoli meʼyorlarini va suv obyektidan suv olish limitlarini (bundan buyon matnda suv olish limitlari deb yuritiladi) tasdiqlash tartibini belgilash;
suvlarning davlat tomonidan hisobga olib borilishini hamda suvdan foydalanishni nazorat qilish va ularni muhofaza etishni taʼminlash, davlat suv kadastri va suv monitoringini yuritish;
yirik avariyalar, falokatlar, ekologiya tangligi va suvlarning zararli taʼsiri oldini olish hamda ularga barham berish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun haq toʻlash, suv obyektlarini bulgʻatganlik va quritib qoʻyganlik uchun haq undirish tartibini belgilash;
suv xoʻjaligi sohasida davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish;
suv xoʻjaligini rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, suvdan samarali foydalanish, suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, suv va suvdan foydalanishga doir boshqa dasturlarni tasdiqlash;
suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibini tasdiqlash;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
