351-modda. Suv isteʼmolchilarining majburiyatlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suv isteʼmolchilari:
suv resurslaridan oqilona foydalanishi, suvning maqsadsiz isteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻymasligi, suvni tejab sarflash, suvlarning sifatini tiklash va yaxshilash toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi;
belgilangan suv olish limitlari va suv isteʼmoli qoidalariga rioya etishi;
suvni maxsus isteʼmol qilishda qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnomani rasmiylashtirishi;
ifloslantiruvchi moddalar mavjud boʻlgan oqova suvlarni suv obyektlariga oqizishni tamomila tugatish chora-tadbirlarini koʻrishi;
boshqa suv isteʼmolchilari va suvdan foydalanuvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv obyektlariga, xoʻjalik obyektlari va tabiiy resurslarga (yerlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, foydali qazilmalar va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymasligi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, ichki suv obyektlari va inshootlarini texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi;
olinayotgan suv miqdori hisobini yuritishi va suvni maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma bergan organlarga zarur axborotni taqdim etishi;
suv resurslaridan foydalanganlik, shuningdek suvni yetkazib berish boʻyicha xizmatlar (bundan suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan, qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv yetkazib berish xizmatlari mustasno) va koʻrsatilgan boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida shartnomaviy asosda toʻlashi;
suvni tejash chora-tadbirlarini koʻrishi;
suvlarni muhofaza qilish boʻyicha belgilangan tartibda kelishilgan texnologiya, oʻrmon-melioratsiya, agrotexnika, gidrotexnika, sanitariya tadbirlari va boshqa tadbirlarni amalga oshirishi;
suvlarning bulgʻanishi, ifloslanishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishda oʻzlariga xizmat koʻrsatuvchi suvdan foydalanuvchilarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining talabiga koʻra ishtirok etishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari toʻplanadigan maydonlarning ifloslanishiga yoʻl qoʻymasligi;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish tartibi hamda shartlariga rioya etishi;
