30-modda. Suv olish limitlari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suv olish limitlari barcha suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga nisbatan belgilanadi.
Suv olish limitlari (ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) suv xoʻjaligi organlari tomonidan suv manbalari, havza irrigatsiya tizimlari, magistral kanallar (tizimlar), irrigatsiya tizimlari, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar, suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari boʻyicha belgilanadi, yer osti suvlari borasida esa geologiya va mineral resurslar organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda boshqa suv isteʼmolchilarining qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Kommunal va maishiy xoʻjaliklarning suv olish limitlari tegishli foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan belgilanadi.
Suv olish limitlari suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari uchun manbalarning taxmin qilingan va haqiqiy suvliligi hisobga olingan holda qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun bir yilda ikki marta hamda boshqa ehtiyojlar uchun bir yilda bir marta belgilanadi va ular uchun majburiydir.
Suvdan foydalanuvchilarning suvni yetkazib berish boʻyicha xizmatlari (bundan suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan, qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv yetkazib berish xizmatlari mustasno), shuningdek koʻrsatilgan boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun shartnoma asosida haq toʻlanadi.
